Turkiyada yangi migratsiya tartib-qoidalari joriy etildi

Dunyo

2025-yil fevral oyidan boshlab, Turkiya Respublikasi Migratsiya boshqarmasi mamlakatga shartli kirish ("şartlı giriş") tartibini bekor qildi. Istanbul Bosh konsulxonasi ushbu o'zgarish haqida rasmiy xabar berdi.

Turkiyada yangi migratsiya tartib-qoidalari joriy etildi
Yangi tartibga ko'ra, Turkiyada qonuniy qolish muddati tugagan yoki yashash guvohnomasi (ikamet izni) olish bo'yicha rad javobi olgan xorijiy fuqarolar endilikda shartli kirish orqali mamlakatga qaytib kelish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Yangi qoidalar nimalarni o'z ichiga oladi?

Avvalgi tartib:

Chet ellik fuqarolar agar Turkiyada qonuniy qolish muddatini oshirib yuborgan yoki yashash guvohnomasini olish rad javobini olgan bo‘lsa, shartli kirish orqali mamlakatga qaytib kelishlari mumkin edi.

Ular 10 kun ichida yangi ariza topshirish huquqiga ega edi.

Hozirgi tartibga ko'ra

Ushbu imkoniyat to‘liq bekor qilindi.

Agar chet ellik fuqaro o‘z vaqtida chiqib ketmagan yoki yashash guvohnomasi olishda rad etilgan bo‘lsa, u darhol Turkiyaga qaytolmaydi.

Yangi qoidalarga muvofiq, fuqarolikka qarab, Turkiyaga kirish taqiqi 3 oydan 6 oygacha bo‘lishi mumkin.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, 2025-yil fevral oyining boshidan shu kunga qadar 150 dan ortiq xorijiy fuqaro aeroportlarda ushbu o‘zgarishdan bexabar bo‘lgani sababli muammolarga duch keldi. Ularning aksariyati avvalgi shartli kirish tizimi asosida Turkiyaga qaytmoqchi bo‘lgan, biroq yangi qoidalar sababli rad javobini olgan.

Istanbul Boshkonsulxonasi Turkiyaga borishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi:

Safar qilishdan oldin Turkiyaning amaldagi migratsiya qoidalarini o‘rganing. Hujjatlaringizda hech qanday muammo yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Agar yashash guvohnomasi olishda rad etilgan bo‘lsangiz yoki qonuniy qolish muddati tugagan bo‘lsa, Turkiyani o‘z vaqtida tark eting. Qoidabuzarliklar Turkiyaga qaytish imkoniyatingizni cheklashi mumkin.

Bog‘lanish uchun manzil: Levent, Lale Sokağı No:8, 34330 Beşiktaş/İstanbul Telefon: +90 (553) 541 17 17

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing