Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

Dunyo

So'nggi to'rt yil ichida Rossiya eng ko'p Hindiston, Xitoy va Qozog'istonga qurol sotgan. Ukraina esa dunyo miqiyosida gigant qurol sotib oluvchi mamlakatga aylangan.

Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi
Ukraina 2020 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi. Bu haqida Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) tadqiqotida ma'lum bo'ldi.

SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinchiligi boshlanganidan beri kamida 35 davlat Ukrainaga qurol jo‘natgan. 2020-2024 yillarda Ukraina global qurol importining 8,8 foiz ulushiga ega bo‘lgan.

Ukrainaga qurol yetkazib berishning asosiy qismi AQSh (45 foiz), Germaniya (12 foiz) va Polsha (11 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tadqiqotga ko'ra, Ukraina 2020-2024 yillar davomida 10 ta eng yirik importyorlar qatoriga kirgan yagona Yevropa davlati bo‘lgan.

2020-2024 yillarda NATO tashkiloti Yevropa a’zolarining qurol importi 2015-2019 yillarga nisbatan ikki baravar ko‘proq (+105 foiz) oshgan. Qo‘shma Shtatlar ushbu qurollarning 64 foizini yetkazib berdi, bu 2015-2019 yildagidan (52 foiz) sezilarli darajada ko‘pdir. Boshqa yirik yetkazib beruvchilar Fransiya (6,5 foiz), Janubiy Koreya (6,5 foiz), Germaniya (4,7 foiz), Isroil (3,9 foiz) edi.

Tadqiqotda keltirilishicha, Rossiya qurol eksporti so‘nggi to‘rt yil ichida 2015-2019 yillarga nisbatan keskin (64 foizga) kamaydi. Pasayish Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishdan oldinroq boshlangan.

"Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari boshqa davlatlarga Rossiya qurollarini sotib olmaslik uchun bosim o‘tkazmoqda", deyiladi tadqiqotda.

2020-2024 yillarda Rossiya 33 davlatga asosiy turdagi qurollarni yetkazib berdi. Rossiya qurol eksportining uchdan ikki qismi uch davlatga to‘g‘ri keldi: Hindiston (38 foiz), Xitoy (17 foiz) va Qozog‘iston (11 foiz).

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing