Eron bosim ostida: AQSH 7 yil ichidagi eng yirik sanksiyalarni joriy etmoqda

Dunyo

AQSH Eron neft savdosida ishtirok etayotgan yuzdan ortiq shaxs, kompaniya va kemalarga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu 2018-yildan buyon eng yirik cheklovlar paketi bo‘ldi. Tehron bunga AQSH harbiy zarbalari uchun kompensatsiya talab qilib javob berdi va AQSH diplomatiyasini tanqid qildi.

Eron bosim ostida: AQSH 7 yil ichidagi eng yirik sanksiyalarni joriy etmoqda
30-iyul kuni AQSH Moliya vazirligi Eronning 50 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslari hamda 50 dan ortiq neft tashuvchi kemalariga nisbatan sanksiyalar kiritilganini e’lon qildi. AQSH Davlat departamenti esa Eron neftini eksport qilishda ishtirok etgan 20 ta xorijiy kompaniyaga qarshi choralar ko‘rdi. Bu kompaniyalar orasida Xitoy, Hindiston, BAA va Turkiya firmalari bor.

“Maqsad — Erondagi rejim elitasining noqonuniy neft savdosini cheklash. Bu 2018-yildan beri eng yirik sanksiyalar to‘plami,” — dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

Bu bosim fonida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chiy AQSHni Eron yadroviy infratuzilmasiga zarba berganlikda ayblab, kompensatsiya to‘lashni talab qildi. Financial Times nashriga bergan intervyusida u shunday dedi: “Amerika bizga nega zarba berganini tushuntirishi va buni boshqa takrorlamasligiga kafolat berishi kerak.”

Arog‘chiyga ko‘ra, Tehronda AQSH bilan diplomatik muzokaralarga ishonch kamaygan. U, shuningdek, Yevropa davlatlari bilan ham muzokaralar ma’nosiz bo‘lib qolayotganini ta’kidladi: “Agar ular BMT sanksiyalarini tiklovchi snapback mexanizmini ishga tushirmoqchi bo‘lsa, bu ularning yakuni bo‘ladi.”

Axios nashrining xabariga ko‘ra, AQSH, Britaniya, Germaniya va Fransiya Eron bilan yangi yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar uchun 2025-yil avgust oyining oxirini yakuniy muddat deb belgilagan. Aks holda, Yevropa uchligi BMT sanksiyalarini tiklashga kirishadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing