Vetnam milliardlarni undirish uchun hashamatli aktivlarni sotmoqda

Dunyo

Vetnam hukumati moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topilgan tadbirkor Chuong Mi Lanning aktivlarini musodara qilib, sotishni boshladi. Sotuvga ko‘chmas mulk, hashamatli yaxta va timsoh terisidan tayyorlangan ikki dona Hermès Birkin sumkasi chiqariladi.

Vetnam milliardlarni undirish uchun hashamatli aktivlarni sotmoqda
Chuong Mi Lan dunyodagi eng yirik moliyaviy jinoyatlardan biri bo‘yicha umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda. Sud uni yetkazilgan zararni qoplash uchun 27 milliard AQSh dollari to‘lashga majbur qilgan.

Xoshimin shahridagi sud qarorlarini majburiy ijro etish agentligi shu hafta Birkin sumkalarining bozor qiymatini aniqlash uchun mutaxassislar izlayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, unga tegishli bo‘lgan hashamatli yaxta kelasi oy auksionga chiqariladi. Uning boshlang‘ich narxi 49,3 milliard vetnam dongi (taxminan 1,9 million dollar) etib belgilangan.

2024 yil aprel oyida sud Chuong Mi Lanni Saigon Commercial Bank — mamlakatdagi beshinchi yirik bank — ustidan o‘n yildan ortiq vaqt davomida yashirin nazorat o‘rnatib, soxta kompaniyalar orqali qariyb 44 milliard dollar miqdorida kredit va naqd mablag‘larni noqonuniy ravishda o‘zlashtirganlikda aybdor deb topdi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu summaning 27 milliard dollari noqonuniy o‘zlashtirilgan, yana 12 milliard dollari esa talon-toroj sifatida baholangan. Ish Vetnamdagi eng shov-shuvli korrupsiya tergovlaridan biriga aylandi.

Dastlab Chuong Mi Lan o‘lim jazosiga hukm qilingan, biroq 2024 yil iyun oyida ayrim jinoyatlar bo‘yicha o‘lim jazosi bekor qilingach, hukm umrbod qamoq jazosiga almashtirildi. U ayblovlarni tan olmadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing