Xitoy Amerika tovarlariga qarshi javob bojlarini joriy qildi

Iqtisodiyot

Xitoy AQShning yangi savdo sanksiyalariga javoban AQSH importiga qo‘shimcha bojlar joriy qildi. Ushbu qadam dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi taranglikni qayta tikladi, chunki AQSH prezidenti Donald Tramp Pekinni taqiqlangan giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi choralar ko‘rmagani uchun jazolashga intilmoqda.

Xitoy Amerika tovarlariga qarshi javob bojlarini joriy qildi
4-fevral kuni sharqiy vaqt bilan soat 12:01 dan boshlab AQShda Xitoy eksportiga 10%li bojlar kuchga kirdi. Bunga javoban Xitoy Moliya vazirligi 10-fevraldan boshlab Amerika ko‘mir va suyultirilgan gaz (SNG) ga 15 foiz, shuningdek, xom neft, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobillarga 10 foiz miqdorida tariflar joriy etilishini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Xitoy strategik muhim nodir yer elementlari, jumladan, volfram, tellur, ruteniy va molibdenga eksport nazoratini e’lon qildi, bu esa ushbu muhim materiallarni dunyo bo‘ylab yetkazib berishga ta’sir qilishi mumkin.

Shu orada Tramp Meksika va Kanadaga qarshi 25 foizlik tariflarni joriy etishni 30 kunga to‘xtatdi. Biroq, Xitoy uchun bunday kechikish bo‘lmadi va Oq uy vakili AQSH prezidenti XXR raisi Si Szinpin bilan hafta oxirigacha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmaganini aytdi.

Savdo mojarolarining avj olishi fonida Tramp, shuningdek, uning navbatdagi maqsadi Yevropa davlatlari bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan, ammo ehtimoliy choralar tafsilotlari hali ochiqlanmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing