Xitoyda O'zbekiston turizm yiliga start berildi

O'zbekiston

Pekin shahrida "Xitoyda O'zbekiston turizm yili"ning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston elchixonasi va Turizm qo'mitasi, Xitoy madaniyat va turizm vazirligi hamda Xalqaro turizm tashkiloti (UNWTO) hamkorligida tashkil etildi.

Xitoyda O'zbekiston turizm yiliga start berildi
"Xitoyda O'zbekiston turizm yili" doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tyanszin, Shenchjen, Chendu va boshqa ko'plab shaharlarda turli madaniy, turistik va iqtisodiy tadbirlar, mediaturlar, sayyohlik kompaniyalari tashriflari, Xitoy ommaviy axborot vositalarida turkum maqola va ko'rsatuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar so'nggi yillarda O'zbekistonda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy turistlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, mamlakatimizning turizm salohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot olishdi.

Xitoy madaniyat va turizm vaziri o'rinbosari Lu Inchuan, O'zbekiston Xitoy fuqarolari uchun jozibali sayyohlik maskaniga aylanib borayotganligi haqida aytib o'tdi.

UNWTO bosh kotibi Zurab Polikashvili o'z nutqida, O'zbekiston yuksak turizm salohiyatiga ega mamlakat ekanligini alohida qayd etib, UNWTO sayyohlik sohasida O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlikni faol davom ettirishini qayd etdi. Tadbir davomida, shuningdek, turizm va investitsiyalar bo'yicha biznes-forum, taqdimotlar va "B2B" uchrashuvlari o'tkazildi.

Eslatib o'tamiz, 2024-yil 1-dekabr kuni har ikki mamlakat Tashqi ishlar vaziri o'zaro ikki davlat fuqarolari 30 kun mobaynida Xitoy-O'zbekiston hududida vizasiz erkin harakatlanishi mumkinligi haqida shartnoma imzolashgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing