Yaponiya birinchi Oyga qo‘nish modulini uchirdi

Texnologiya

Tanegasima kosmodromidan uchirilgan SLIM moduli bir necha oy ichida Yer sun'iy yo'ldoshi yuzasiga qo‘na oladi. Missiya doirasida Yaponiya Oy mantiyasidagi tosh jinslarni o‘rganish niyatida. Modul uchirilgan paytdan boshlab 4-6 oy ichida Oy yuzasiga qoʻnishi kutilmoqda.

Yaponiya birinchi Oyga qo‘nish modulini uchirdi
Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) tomonidan ishlab chiqilgan birinchi SLIM Oyga qo‘nish apparatini koinotga uchirdi. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, raketa-tashuvchi Kagosima prefekturasi janubidagi Tanegasima kosmik markazidan 7-sentabr, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:42 da uchgan. Avvalroq uchirish ob-havo sharoiti tufayli bir necha bor qoldirilgan.

Modulning Yer sun'iy yo'ldoshi yuzasiga qo'nishi uchirilgan paytdan boshlab 4-6 oy ichida kutilmoqda. Missiya doirasida zond kaft o‘lchamidagi rover va multispektral kamera yordamida hozirgacha kam o‘rganilgan Oy mantiyasining tosh tarkibini tahlil qiladi.

“Qurilmani ishlab chiqishda qo'llaniladigan texnologiyalar ma'lum bir joyga 100 metrdan ortiq bo'lmagan xato bilan qo'nish imkonini beradi. Oyga avvalgi qo‘nishlarda bu ko‘rsatkich bir necha kilometrga yetgan”, deya yozmoqda AFP agentligi.

"Insoniyat oson bo'lgan joyga emas, balki o'zi xohlagan joyga qo'na oladi", degan JAXA uchirilishidan oldin.

Maʼlumot uchun, ikki hafta oldin Hindiston kosmik kemasi Chandrayaan-3 missiyasi doirasida Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo'ndi. Hindiston Yer sun’iy yo‘ldoshi yuzasiga kosmik kemani qo‘ndirgan to‘rtinchi davlatga aylandi. Ilgari Sovet Ittifoqi, AQSh va Xitoy bunga erishgan. Ayni vaqtda Rossiyaning Luna-25 stansiyasi avgust oyi oxirida Oyga qo‘nmoqchi bo‘lgan vaqtda halokatga uchragan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing