Zelenskiy Oʻzbekistonda tugʻilgan Umerovni Mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif qildi

Siyosat

Aleksey Reznikov Ukraina Mudofaa vaziri lavozimini tark etadi. Uning oʻrnini Rustam Umerov egallashi mumkin. Umerov Samarqandda qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan.

Zelenskiy Oʻzbekistonda tugʻilgan Umerovni Mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif qildi
Aleksiy Reznikov Ukraina Mudofaa vaziri lavozimini tark etadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-sentabr kungi murojaatida aytib o‘tdi.

Zelenskiy Reznikov o‘rniga Mudofaa vaziri etib hozirda Ukraina Davlat mulki jamg‘armasiga rahbarlik qilayotgan Rustem Umerovni tayinlashni taklif qildi.

“Men Ukraina Mudofaa vazirini almashtirishga qaror qildim. Aleksey Reznikov 550 kundan ortiq keng ko'lamli urushni boshdan kechirdi. O‘ylaymanki, vazirlikka ham harbiylar, ham butun jamiyat bilan o‘zaro munosabatlarning yangicha yondashuvlari va boshqa shakllari kerak. Endi vazirlikka Rustem Umerov rahbarlik qilishi kerak. Men parlamentdan bu nomzodni qo‘llab-quvvatlashini kutaman”, dedi Ukraina Prezidenti.

Rustam Umerov 1982-yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umerov texnologik muhandis, onasi Maryam Umerova kimyo muhandisi bo‘lgan. Ular 1944-yil 18-mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015-yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida Umerovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.

Rustem Umerov - “Qrim-tatarlari jamiyati” jamoat tashkilotining asoschilaridan biri, shuningdek, qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Jemilevning maslahatchisi bo‘lgan. 2019-yilda u Oliy Rada deputati bo‘ldi. Umerov 2022-yildan buyon Ukraina Davlat mulki jamg‘armasini boshqarib keladi.

Aleksiy Reznikov Ukraina Mudofaa vazirligini 2021-yilning noyabridan buyon boshqarib kelayotgan edi. Uning iste'foga chiqishi haqidagi ma'lumotlar birinchi marta Ukrainada 2023-yil boshida korrupsiya mojarolari tufayli bir necha yuqori martabali amaldorlar, jumladan Mudofaa vaziri o'rinbosarlari ishdan bo'shatilishi ortidan paydo bo'ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing