Zintandagi suiqasd: Qaddafiyning o‘g‘li halok bo‘ldi

Dunyo

Liviyada Muammar Qaddafiyning eng mashhur o‘g‘illaridan biri, sobiq rejim qulaganidan keyin ham siyosiy ramz bo‘lib qolgan Saif al-Islom Qaddafiy o‘ldirildi.

Zintandagi suiqasd: Qaddafiyning o‘g‘li halok bo‘ldi
53 yoshli Saif al-Islom Qaddafiy — Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Qaddafiyning o‘g‘li — Zintan shahridagi uyiga qilingan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Uning o‘limi haqida advokati Xolid az-Zaydiy va siyosiy maslahatchisi Abdulloh Usmon ma’lum qildi.

Qaddafiyning siyosiy jamoasi bayonotiga ko‘ra, niqob taqqan to‘rt nafar qurollangan shaxs uyga bostirib kirib, videokuzatuv kameralarini o‘chirgan va uni otib o‘ldirgan. Bayonotda Saif al-Islom hujumchilarga qarshilik ko‘rsatishga uringani aytiladi.

Liviyaning Tripolida joylashgan Oliy Davlat Kengashining sobiq rahbari Xolid al-Mishriy qotillik bo‘yicha tezkor va oshkora tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Saif al-Islom Qaddafiy hech qachon rasmiy davlat lavozimini egallamagan, biroq 2000-yillardan boshlab otasining eng yaqin siyosiy hamkori va ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilgan. Muammar Qaddafiy 2011 yilda muxolifat kuchlari tomonidan o‘ldirilgan edi.

Qaddafiylar oilasi rejim qulaganidan so‘ng jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. 2011 yilda Muatassim Qaddafiy otasi bilan birga o‘ldirilgan, boshqa bir o‘g‘li esa aviazarba oqibatida uch nafar nevarasi bilan birga halok bo‘lgan. 2021 yilda Saadi Qaddafiy ayblovlardan oqlangach, xavfsizlik sabab Turkiyaga jo‘nab ketgan. Gannibal Qaddafiy hozirda Livan qamoqxonasida saqlanmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing