AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi

Dunyo

Vashington BMT Bosh Assambleyasining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash rezolyutsiyasiga hammuallif bo‘lishdan bosh tortdi, bu esa mojaroga munosabat o‘zgarganidan dalolat berishi mumkin.

AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi
AQSH Ukrainadagi urushning uch yilligi munosabati bilan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqiruvchi va mamlakatning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi BMT rezolyutsiyasi loyihasining hammuallifi sifatida ishtirok etmaydi. Bu haqda Reuters agentligiga biryo‘la uchta diplomatik manba ma’lum qildi. Bu qaror Vashington pozitsiyasining butun mojaro davridagi eng sezilarli o‘zgarishi bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, AQSH "Katta yettilik" bayonotida Rossiya agressiyasini qoralovchi iboralarga qarshi chiqdi. Manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Moskva bilan ehtimoliy muzokaralarni qiyinlashtirishi mumkin bo‘lgan rasmiy bayonotlarni kamaytirishga harakat qilyapti.

Ovoz berish dushanba kuni BMT Bosh Assambleyasida rejalashtirilgan. AQSH hujjatning hammuallifi bo‘lishdan bosh tartgan bo‘lsa-da, rezolyutsiya loyihasini allaqachon 50 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatlagan, biroq ularning ro‘yxati hozircha oshkor etilmadi.

Ekspertlarning fikricha, AQShning BMT rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi Vashingtonning Ukraina bo‘yicha strategiyasini qayta ko‘rib chiqishidan dalolat berishi mumkin. Donald Tramp avvalroq "urushni tezroq tugatish"ga intilayotgani va Kreml bilan muzokaralarga tayyorligini bir necha bor ma’lum qilgandi.

Ushbu voqealar fonida Vashington ritorikasining o‘zgarishi G‘arbning Ukrainaga nisbatan strategiyasini keng ko‘lamli qayta ko‘rib chiqishning boshlanishini anglatadimi, degan savol tug‘iladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing