AQSH Xalqaro jinoiy sudga bosimni kuchaytirmoqda

Dunyo

AQSH ma’muriyati Xalqaro jinoiy sud (XJS) faoliyatiga qarshi keng ko‘lamli kampaniya boshlanganini e’lon qildi. Vashington diplomatik, siyosiy va iqtisodiy vositalar orqali sud faoliyatini cheklash hamda uning yurisdiksiyasi AQSH fuqarolari va davlat vakillariga tatbiq etilishining oldini olishni maqsad qilganini bildirdi.

AQSH Xalqaro jinoiy sudga bosimni kuchaytirmoqda
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, Xalqaro jinoiy sud Amerika suverenitetiga tahdid solmoqda va o‘zining dastlabki vakolat doirasidan chiqib ketgan. U e’lon qilgan murojaat va maqolada Vashington sud faoliyatiga qarshi barcha diplomatik imkoniyatlardan foydalanishini ma’lum qildi.

Davlat departamenti yangi strategiya doirasida qo‘shimcha sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini, shuningdek hamkor davlatlarni Rim statutidagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish va sudni moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirish rejalashtirilganini bildirdi. AQSH yordamini olayotgan va ayni paytda XJS bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.

Vashington yana bir bor AQSH fuqarolariga nisbatan Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmasligini ta’kidladi. AQSH Rim statutini ratifikatsiya qilmagan va amerikalik harbiy xizmatchilar hamda mansabdor shaxslar XJS tomonidan sud qilinishi mumkin emas degan pozitsiyani saqlab kelmoqda.

Mazkur tashabbus xalqaro huquqshunoslar va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilindi. Ularning fikricha, bunday choralar xalqaro jinoiy adliya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq AQSH pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar har bir davlat o‘z fuqarolariga nisbatan xalqaro sud mexanizmlarining qo‘llanish chegaralarini mustaqil belgilash huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing