Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar QQS to‘lovchisiga aylanadi

O'zbekiston

2025-yil 1-apreldan boshlab, O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi barcha yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisiga aylanishi belgilandi. Bu qaror soliq tizimini soddalashtirish hamda davlat byudjetiga tushumlarni oshirish maqsadida qabul qilindi.

Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar QQS to‘lovchisiga aylanadi
Yangi tartibga ko‘ra, soliq organlari Onlayn-NKT, EHF va boshqa tashqi hamda ichki ma'lumotlar asosida QQS hisobotlarini avtomatik tarzda shakllantiradi. Bu esa korxonalar uchun soliq hisobotlarini yuritish jarayonini ancha yengillashtiradi.

Mazkur tartib Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng amaliyotga joriy etiladi. Hozirgi qonunchilikka muvofiq, farmatsevtika mahsulotlarini sotuvchi yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning soliq to‘lash tartibi quyidagicha edi:

Daromadi 1 milliard so‘mdan oshmaydiganlar aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi.

Daromadi 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lganlar esa QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Endilikda barcha farmatsevtika va tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar daromadidan qat'i nazar QQS to‘lashga majbur bo‘ladi. Ijtimoiy sohada faoliyat yurituvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi 0% etib belgilangan.

Dorixonalarga soliq stavkalari quyidagicha belgilangan:

Aholisi 100 ming nafardan ko‘p bo‘lgan shaharlarda – 3%

Boshqa aholi punktlarida – 2%

Borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarda – 1%

Bundan tashqari, soliq to‘lovchilar belgilangan qat'iy summada aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.

Mazkur o‘zgarishlar farmatsevtika va tibbiy xizmatlar sohasida soliq tartib-qoidalarini yanada aniqroq belgilashga, shuningdek, davlat byudjeti daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Yangi tizim tibbiyot sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining yanada shaffof bo‘lishini ta'minlashi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing