Barselonada O‘zbekiston Savdo uyi ochildi

Biznes

23—25-may kunlari O‘zbekistonning Madrid shahridagi elchixonasi “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatning yetakchi to‘qimachilik korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Barselona shahriga tashrif buyurdi.

Barselonada O‘zbekiston Savdo uyi ochildi
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Barselona shahri Savdo-sanoat palatasi, Ispaniyaning “ACIR” kompaniyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi bilan hamkorlikda Barselona shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston savdo uyi ochilish marosimida ishtirok etdi. Gibrid shaklda o‘tkazilgan tadbirda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Barselona savdo-sanoat palatasi xalqarolashtirish bo‘yicha direktori M.Oriols, “ACIR” kompaniyasi prezidenti E.Gulyan, O‘zbekistonning Barselona va Valensiya shaxarlaridagi faxriy konsullari P.Visens va X.Chikilyo hamda ikki mamlakat tadbirkorlari qatnashdi.

Tomonlar mazkur tashabbusni yuqori baholab, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida jadal rivojlanayotgan savdo va iqtisodiy salohiyatga ega davlat sifatida e’tirof etdi.

O‘zbekiston Savdo uyi Barselona shahrida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi maydon sifatida faoliyat yuritib, mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish, saqlash va tarqatish uchun 370 mingdan ortiq a’zolariga ega bo‘lgan Barselona Savdo-sanoat palatasi salohiyatidan unumli foydalanish ko‘zda tutilgan. Ikki davlat tadbirkorlari ushbu yaratilayotgan platformani yuqori baholab, hozirgi kunda sifatli va jozibador narxlarga ega bo‘lgan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Barselona orqali butun Ispaniya bozoriga kirib kelishiga keng imkoniyatlar ochib berishini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing