Birinchi raund: Rossiya, AQSH va Ukraina muloqotni boshladi

Dunyo

Mojaro boshlanganidan beri ilk bor Moskva, Kiyev va Vashington vakillari uch tomonlama formatda uchrashdi. Oq uy muzokaralarni samarali deb atadi.

Birinchi raund: Rossiya, AQSH va Ukraina muloqotni boshladi
BAA poytaxti Abu-Dabida 23 yanvar kuni Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Oq uy bahosiga ko‘ra, uchrashuv «samarali» o‘tgan, tomonlar 24 yanvar kuni muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.

Rossiya delegatsiyasiga RF Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov, Ukraina delegatsiyasiga esa Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) kotibi Rustem Umerov rahbarlik qildi. AQSh tomonidan maslahatlashuvlarda AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff, tadbirkor Jared Kushner, shuningdek, AQSh ma’muriyati va harbiy rahbariyat vakillari ishtirok etdi.

Oq uy vakilining NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, muzokaralar davom ettiriladi. TASS manbasi uchrashuv ishtirokchilari boshi berk ko‘chaga kirib qolmaganini tasdiqladi: «hech kim eshikni qarsillatib yopmadi».

Umerovning so‘zlariga ko‘ra, muhokamalar ehtimoliy mojaro yakunining parametrlari va muzokara jarayonining keyingi mantiqiga qaratilgan. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shoshilinch xulosalar chiqarmaslikka chaqirib, tinchlikka intilish o‘zaro bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

G‘arb OAV manbalariga ko‘ra, Rossiya hududiy shartlar asosida tartibga solishni talab qilishi mumkin, AQSh va Ukraina esa energetik sulh variantini muhokama qilmoqda. Muzokaralar mazmuni rasman oshkor etilmayapti.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing