Biz neft-gazni sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz — Mirziyoyev

Iqtisodiyot

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning “nefti” ham, “gazi” ham tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xomashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli hamda sifatli mahsulotlar ekanini aytdi. Taʼkidlanishicha, logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Biz neft-gazni sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz — Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun boʻlib oʻtgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chogʻida yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish masalasiga to‘xtaldi.

“Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xomashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, uchrashuvda mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo‘lishi uchun ishlab chiqarishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o‘sish qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyevga koʻra, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 baravar oshib ketganini hisobga olib, davlat eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytiriladi. Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.

“Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi joriy yilda ham davom ettiriladi va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkaziladi. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.

Prezident eksportni kengaytirish bo‘yicha yana bir katta imkoniyat – bu nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish ekanini ta’kidladi. Unga koʻra, yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga katta qiziqish bildirmoqda. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Ular mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga hozirning o‘zida tayyor.

Buning 3 ta eng katta masala hal qilinadi. Jumladan:

• ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablari joriy qilinadi. Buning uchun mahalliy korxonalarning mutaxassislari ularning talabi asosida o‘qitiladi;

• mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratib beriladi;

• brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.

Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 million so‘mdan grant ajratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing