Central Asian Expo: eng yirik ko’rgazmalar tashkilotchisi “Messe Frankfurt”ning ochilishi

Iqtisodiyot

2024-yil 16-fevral kuni “Central Asian Expo” (CAEx) ko‘rgazmasida “Business Media Central Asia (BMCA) Uzbekistan” vakili bo‘lgan yirik ko‘rgazma tashkilotchisi “Messe Frankfurt”ning vakolatxonasi va rasmiy ofisining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Central Asian Expo: eng yirik ko’rgazmalar tashkilotchisi “Messe Frankfurt”ning ochilishi
Tadbirda Stefan Kurtsavskiy – “Messe Frankfurt Group” birinchi vitse-prezidenti, Oygen Alles – “Business Media Europe” rahbari, “BMCA Uzbekistan” boshqaruvchi hamkori Dilfuza Samandarova, shuningdek, CAEx operatsiyalari direktori Mario Pineyro ishtirok etdilar.

Shuni ta'kidlash joizki, ushbu matbuot anjumani umumiy maydoni 23 ming kvadrat metr bo'lgan noyob va ko'p funksiyali biznes arenasi bo'lgan CAEx tomonidan tashkil etilgan. Mazkur arena xalqaro va milliy ko'rgazmalar, yarmarkalar, shuningdek, anjumanlar, forumlar, konferensiyalar, mamlakatda bo'lib o'tayotgan keng ko'lamli voqealar, muhim iqtisodiy, ijtimoiy va davlat voqealarini o'tkazish uchun mo’ljallangan.

Bundan tashqari, 2024-yilda CAEx ko'rgazma majmuasi hududida 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalar, 30 dan ortiq xalqaro forumlar, anjumanlar, konferensiyalar, shuningdek, mebel va qurilish sanoati, ko‘chmas mulk, oziq-ovqat sanoati hamda HoReCa yo‘nalishida 6 ta shaxsiy ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani doirasida BMCA kompaniyasi O‘zbekistonda yirik ko‘rgazma loyihalarini o‘tkazish uchun “Messe Frankfurt” akkreditatsiyasini olganini ma’lum qildi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, ushbu kelishuv CAEx ko'rgazma majmuasi hududida Automechanika, Futuroad, Scalex, Heimtextile, Texworld, Apparel Sourcing va BeautyWorld kabi yirik ko'rgazmalarning boshlanishi uchun tamal toshi sifatida xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: 1907-yilda tashkil etilgan “Messe Frankfurt” kompaniyasi Frankfurt-na-Maynda (Germaniya) o‘zining ko‘rgazma majmuasiga ega dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalar, anjumanlar va tadbirlar tashkilotchisi hisoblanadi. Har yili “Messe Frankfurt” 100 dan ortiq xalqaro ko'rgazmalarga mezbonlik qiladi. Xodimlarning umumiy soni, shu jumladan, butun dunyo bo‘ylab 30 ta sho‘ba korxonasining ofislari 2500 nafarga yaqin.

BMCA Uzbekistan va CAEx hamda bo‘lajak ko‘rgazmalar haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun www.bmca.uz va www.caexuzbekistan.com saytlariga tashrif buyuring.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing