Choʻllanishga qarshi kurashish va “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev cho‘llanishga qarshi kurashish, cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish va «yashil shahar» tamoyillarini joriy etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Choʻllanishga qarshi kurashish va “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi
Iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining qisqarishi va yerlarning degradatsiyasi mintaqa uchun jiddiy muammoga aylanmoqda. O‘zbekiston hududining qariyb 80 foizini cho‘l va yarim cho‘l zonalari tashkil etadi. Yerlarning sho‘rlanishi, qumlarning ko‘chishi va chang bo‘ronlari, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari, shuningdek, qator janubiy hududlar uchun katta xavf tug‘dirmoqda.

Orol dengizining qurishi bu jarayonlarni yanada kuchaytirdi. Uning qurigan tubida Orolqum cho‘li shakllandi. So‘nggi yillarda bu yerda 2 million gektardan ortiq maydonda yangi o‘rmonzorlar barpo etildi. «Yashil makon» loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab 1 milliarddan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi esa 2020-yildagi 8 foizdan 2025-yilda 14,3 foizga yetdi.

2026–2030-yillarda 1,27 million gektar maydonda o‘rmonlarni barpo etish va tiklash, shuningdek, 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlarini yaratish taklif etilmoqda. Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar yashil qoplamalar barpo etish, Sirdaryo viloyatining chegaraoldi hududlarida esa 84 kilometrlik «yashil devor» yaratish rejalashtirilgan. Degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash ham ko‘zda tutilmoqda.

Prezident cho‘l hududlarini nafaqat ekologik muammo, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida ham ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. «Cho‘l iqtisodiyoti»ni rivojlantirish — cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish, galofitlar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish taklif etildi.

Qoraqalpog‘istonda cho‘l o‘simliklari ko‘chatxonalarini tashkil etish, Orol dengizining qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, Bobotog‘ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish va galofit bog‘lari tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar va urug‘larning mintaqaviy bankini yaratish, xalqaro jamg‘armalar hamda xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy ekologik hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, «Yashil qalqon» mintaqaviy dasturi doirasidagi loyihalar sonini ko‘paytirish hamda 2040-yilgacha cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish taklif etildi.

Taqdimot davomida Samarqandni ekologik barqaror va iqlim o‘zgarishlariga moslashgan Markaziy Osiyoning «yashil shahri»ga aylantirishni nazarda tutuvchi «Green Samarkand» modeli ham ko‘rib chiqildi.

2030-yilgacha atmosferaga 51,2 ming tonna potensial ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldini olish, PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdorini 50 foizga, qurilish changini 80 foizga, transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini esa 50 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Poligonlarga yuboriladigan chiqindilar hajmini ikki barobar qisqartirish, aholi punktlaridagi yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihani muvofiqlashtirish uchun «Yashil Samarqand» loyiha ofisi tashkil etiladi. Shaharda maxsus ekologik-shaharsozlik rejimi joriy qilinadi. Yangi va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlar uchun «yashil qurilish» talablari majburiy bo‘ladi. Ular energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, chiqindilarni saralash va qayta ishlash hamda resurs samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.

Samarqandni ekologik toza transport modeliga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 50 ta katta sig‘imli zamonaviy elektrobus xarid qilinadi va 150 ta yangi svetofor o‘rnatiladi. 2030-yilgacha jamoat transporti va taksilarni to‘liq elektr transportiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, «Park & Ride» tizimi joriy etiladi, piyodalar harakatiga ustuvorlik berilgan yashil turistik zonalar tashkil qilinadi va shahar markaziga shaxsiy avtomobillarning kirishi bosqichma-bosqich cheklanadi.

Suv va yashil infratuzilmani rivojlantirish doirasida Samarqandda kamida to‘rtta sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi, 10 ta yangi favvora quriladi va 319 kilometr uzunlikdagi ariqlar tizimi tiklanadi. Yangi katta halqa yo‘li bo‘ylab shaharni chang va issiq havo oqimlaridan himoya qilish uchun uzunligi 102,7 kilometr, umumiy maydoni 3 532 gektar bo‘lgan «yashil belbog‘» yaratiladi.

300 gektar maydonda «Green City Samarkand» tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu hududda turar joy, ofis, xizmat ko‘rsatish, turistik va jamoat infratuzilmasi obyektlari «yashil shahar» xalqaro standartlari asosida quriladi.

Sanoat sohasida eng yaxshi mavjud texnologiyalar, «Zero Visible Emission» tizimlari va raqamli ekologik monitoringni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Sanoat zonalari atrofida yashil belbog‘lar yaratiladi, aholi salomatligiga potensial xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan I va II toifadagi sakkizta korxonani shahar tashqarisiga ko‘chirish rejalashtirilgan.

«Zero Waste Samarkand» tamoyili asosida chiqindilarni saralash va qayta ishlash, shuningdek, noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini raqamli aniqlash tizimi joriy etiladi. Samarqand uchun 2030 va 2035-yillarga mo‘ljallangan uglerod chiqindilarini kamaytirish ko‘rsatkichlari hamda «Carbon Neutral Samarkand» yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, ekologik va iqlim loyihalarini moliyalashtirish uchun «Green Samarkand Climate Finance Facility» platformasi hamda natijalarni ochiq monitoring qilish uchun «Green Samarkand Dashboard» raqamli platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Turizm va bioxilma-xillik sohasida «Green Samarkand» brendi, «Green Hotels Samarkand» tizimi, shahar bioxilma-xilligi indeksi va maxsus ekologik loyihalar rivojlantiriladi. Istiqbolda Samarqand «Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti»ga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Prezident takliflarni ma’qullab, cho‘llanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shaharsozlikda ekologik talablarni kuchaytirish hamda aholi uchun sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing