Fermerlarning soliq miqdori keskin qisqartirildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, mahallalar obodligi va qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Fermerlarning soliq miqdori keskin qisqartirildi
Aholining hayot sifatida muhim bo‘lgan bunday ishlar qamrovi kengayib bormoqda. Bu yil 1 ming 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmog‘iga ulanadi, 157 ming iste’molchiga zamonaviy hisoblagich o‘rnatiladi.

Yaqinda davlat rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi bo‘yicha 340 million yevrolik 3 ta loyiha kelishildi. Jumladan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Sho‘rchi, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘ondagi ichimlik suvi ta’minotini xususiy boshqaruvga olayapti. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning soddalashtirish choralari belgilandi.

Endi qishloq yerlarini auksionda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning qiymati keyingi savdolarda kuniga 10 foizdan pasaytiriladi. Takroriy auksionda bitta ishtirokchi qatnashsa ham, g‘olib hisoblanadi. Yerning 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekishga chiqariladi.

Hozirda 93 mingdan ziyod fermerlar faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanayapti. Endi bu reyting hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi kabi mezonlar bo‘yicha alohida bo‘lishi ma’lum qilindi.

Yuqori reytingdagi fermerlarga kreditni qaytmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor bo‘ladi. Yer solig‘i 3 barobar, fermerlar kengashiga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytiriladi. Paxta va g‘allada me’yordan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat beriladi.

Bu yildan 208 ta tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlari tarkibida ichki yo‘llarni saqlash uchastkalari tashkil qilindi. Ularga qo‘shimcha 5 turdagi maxsus texnika sotib olish uchun 700 milliard so‘m ajratildi. Mutasaddilarga ichki yo‘llarni ta’mirlash, mahallalarda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing