Financial Times O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonni “mini-o‘rta davlatlar” qatoriga kiritdi

Dunyo

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon geografik joylashuvi, energetika resurslari va infratuzilmasi orqali shakllanayotgan yangi xalqaro tartibda qo‘shimcha ta’sir vositalariga ega bo‘lishi mumkin. Financial Times ularni Qatar va Ummon bilan birga global ta’siri cheklangan, biroq ayrim strategik sohalarda muhim imkoniyatlarga ega “mini-o‘rta davlatlar” toifasiga kiritadi.

Financial Times O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonni “mini-o‘rta davlatlar” qatoriga kiritdi
FT bahosiga ko‘ra, ushbu davlatlar jahon kun tartibini mustaqil ravishda belgilay olmaydi. Biroq ular energetika, transport yo‘nalishlari, mintaqaviy xavfsizlik, diplomatik vositachilik va boshqa strategik sohalar orqali xalqaro jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ozarbayjon va Qozog‘iston Osiyo va Yevropani bog‘lovchi O‘rta koridorni rivojlantirishda muhim ishtirokchilar hisoblanadi. O‘zbekiston esa ushbu transport yo‘nalishi bilan aloqalarini mustahkamlamoqda. Koridor Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muqobil savdo yo‘nalishlaridan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Energetika sohasidagi hamkorlik ham muhim omil sifatida qayd etiladi. Mintaqa davlatlari Markaziy Osiyodan Ozarbayjon orqali Yevropa bozorlariga qayta tiklanuvchi energiyani yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi Kaspiy yashil energetika koridorini rivojlantirmoqda.

FT, shuningdek, ushbu davlatlarning ko‘p vektorli tashqi siyosatiga e’tibor qaratadi. Ular Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan parallel ravishda aloqalarni rivojlantirib, diplomatik manevr imkoniyatlarini saqlab qolmoqda.

Qatar va Ummon esa asosan diplomatik salohiyati va vositachilik imkoniyatlaridan foydalanadi. FT fikricha, yangi xalqaro tartibda o‘z mavqeini mustahkamlashga intilayotgan yirik davlatlar bunday mamlakatlarning resurslari, transport yo‘nalishlari va diplomatik kanallariga tobora ko‘proq tayanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing