Fransiyaning Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi agrovoltaika loyihasini boshladi
O'zbekiston
O‘zbekiston agrar sektoriga ilg‘or yashil texnologiyalarni integratsiyalash amaliy bosqichga chiqdi va yer resurslaridan energetika hamda dehqonchilik ehtiyojlari uchun bir vaqtda foydalanishda yangi imkoniyatlar ochmoqda. Fransiyaning Voltalia kompaniyasi Toshkent viloyatining Toshkent tumanida quvvati 500 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishini rasman boshladi. Loyiha bir maydonning o‘zida toza energiya ishlab chiqarish va klassik dehqonchilik sinergiyasini ko‘zda tutuvchi innovatsion agrovoltaika yo‘nalishi doirasida amalga oshirilmoqda.
19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ishlarni boshlash tantanali marosimida tegishli idoralar, jumladan Energetika hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari rahbariyati, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, shuningdek, Voltalia kompaniyasi bosh ijrochi direktori Robert Klyayn ishtirok etishdi. Tomonlar ushbu texnologiyani respublikaning boshqa hududlarida kengaytirish bosqichlarini belgilab oldilar. Fransiyalik developer 2022-yildan buyon O‘zbekistondagi o‘z portfelini izchil kengaytirib kelmoqda. Uning aktivida Xorazm viloyatidagi 100 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasi qurilishi hamda 2025-yil mart oyida gibrid klaster uchun elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha imzolangan 25-yillik shartnoma mavjud.
Powered by Froala Editor