G’azoning ishdan chiqqan suv tizimi bolalarni nogiron qilmoqda

Dunyo

Sakkiz oylik urushdan so’ng to‘qqiz yashar Yunis Jumaadan faqat et va suyak qoldi, deb xabar bermoqda BBC News.

G’azoning ishdan chiqqan suv tizimi bolalarni nogiron qilmoqda
G'azo janubidagi Xon-Yunisdagi kasalxona karavotida yarim hushsiz holatda cho'zilgan uning qiyshaygan tanasiga qarash oson emas.

Qo‘l-oyoqlari gugurt cho‘pidek, tizza bo‘g‘imlari bo‘rtib qolgan, ko‘krak qafasi ko‘tarilib, terisi qovurg‘alariga yopishib qolgan.

"O'g'limning sog'lig'i avval juda yaxshi edi, u sog’lom edi, — deydi uning onasi G'anima Jumaa. — Ammo u to'yib ovqatlanmaslik va suvsizlanish oqibatida hozirgi ahvolga tushib qoldi".

“Bu yerda shisha suv yo'q. Bolalar uzoq masofani bosib o'tishadi. Suv olishganda esa, u bizga ifloslangan holda yetib keladi", — deydi G'anima.

G’azoliklarning uylari vayron bo'lganligi sababli, yuz minglab insonlar hozirda jazirama quyoshdan deyarli himoyalanmagan vaqtinchalik chodirlarda yashab kelmoqda.

Suv olish, u toza yoki yo'qligidan qat'i nazar, kundalik kurashdir. Tarqatish markazlarida uzun navbatlar hosil bo'ladi.

Kanalizatsiya tizimi jiddiy zarar ko'rganligi va hojatxonalar kam bo'lganligi sababli, mavjud suv osongina ifloslanadi.

"Hech kimga sir emaski, hozirda G'azo sektorida sodir bo'layotgan ichak infeksiyalarining eng katta sababi bu bolalarga beriladigan suvning ifloslanishidir", — deydi Naser kasalxonasining bolalar bo'limi boshlig'i, doktor Ahmed Al-Fari.

"Birinchi muammo — bu suvsizlanishga olib keladigan qusish va diareya bilan bog'liq ichak infeksiyalari, — deydi u. Ikkinchi muammo — gepatit C yoki A, ular ichak infektsiyalari kabi xavfli, balki ancha xavfliroqdir".

"Suv va kanalizatsiya tarmoqlarini qayta tiklash uchun ulkan xalqaro sa'y-harakatlar kerak, — deydi Xon-Yunis munitsipalitetining suv muhandisi Salaam Sharab. — Biz Xon-Yunisda 170 dan 200 km gacha quvurlarni yo'qotdik, ular quduqlar va suv rezervuarlari bilan birga butunlay vayron bo'ldi".

Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti iyul oyi o‘rtalariga kelib milliondan ortiq g‘azoliklar ocharchilikning eng yuqori darajasiga yuz tutishi haqida ogohlantirgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing