Ilon Mask OpenAIni sotib ololmadi

Biznes

Ilon Mask 97,4 milliard dollar evaziga OpenAI’ni sotib olish taklifi bilan chiqqan edi, ammo kompaniya Maskka kutilmaganda rad javobini berdi. OpenAI bosh direktori multimilliarderga qarata “Yo‘q, rahmat, agar xohlasangiz, biz Twitter’ni 9,74 milliard dollarga sotib olamiz” deb javob qaytardi.

Ilon Mask OpenAIni sotib ololmadi
OpenAI raisi Bret Teylor o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida kompaniya bu taklifni bir ovozdan rad etganini e’lon qildi. Uning so'zlariga ko'ra, OpenAI dastlab notijorat maqsadida tashkil etilgan va u sotish uchun yaratilmagan. Bu pozitsiya kompaniyaning asosiy tamoyillariga muvofiq bo‘lib, sun’iy umumiy intellektni (AGI) insoniyat manfaatiga xizmat qildirishga qaratilgan.

OpenAI bosh direktori Sem Altman esa bunday jiddiy taklifga o‘ziga xos hazil bilan javob qaytardi. U X’da quyidagi postni qoldirdi: “Yo‘q, rahmat, agar xohlasangiz, biz Twitter’ni 9,74 milliard dollarga sotib olamiz.”

Bu hazil ortida chuqur ma’no bor edi. Altman OpenAI mustaqilligini saqlab qolish tarafdori ekanini ochiq namoyish qildi. U kompaniyani bo‘lish va notijorat tamoyillar asosida rivojlantirish tarafdori bo‘lib qolmoqda.

Kompaniya ayni paytda daromadli biznesga aylanish yo‘lida harakat qilmoqda. Biroq, OpenAI direktorlari kengashi notijorat tamoyillariga sodiq qolgan holda eng yaxshi qarorni qabul qilishi lozim.

Maskning advokatlari esa sudga taqdim etgan hujjatlarida multimilliarder agar OpenAI notijorat tashkilot sifatida qolishga rozilik bildirsa, taklifini qaytarib olishini aytgan.

Shu bilan birga, Mask avvalroq OpenAI, Altman va Microsoft’ni sudga berib, ularni shartnomani buzganlikda ayblagan edi. 2024-yil noyabrida u AQSh okrug sudyasidan OpenAI’ning tijoratga aylanishini to‘xtatish bo‘yicha dastlabki taqiq qo‘yishni so‘ragan.

Texnologik yirik kompaniyalar o‘rtasidagi bu mojaro hali o‘z yakuniga yetgani yo‘q. Mask OpenAI ustidan nazorat o‘rnatmoqchimi yoki o‘zining sun’iy intellekt loyihalarini yanada kengaytirish istagidami? OpenAI esa, aksincha, mustaqilligini saqlashga harakat qilmoqda. Bu bahs sun’iy intellekt kelajagini qanday shakllantirishi esa yaqin kelajakda ma’lum bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing