Isroil yana G‘azoga urush ochdi

Dunyo

Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bir tomonlama bekor qildi va keng ko‘lamli hujumlarni qayta boshladi.

Isroil yana G‘azoga urush ochdi
"Siyosiy rahbariyat qaroriga muvofiq, IDF (Isroil mudofaa kuchlari) va ISA (Isroil xavfsizlik agentligi) ayni paytda G‘azo sektoridagi ob’ektlarga keng ko‘lamli zarbalar bermoqda. Tafsilotlar keyinroq e’lon qilinadi", — deyiladi Isroil mudofaa armiyasining Telegram kanalida 18-martga o‘tar kechasi e’lon qilingan bayonotda.

Shuningdek, Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradosh shaharlarida maktablar yaqin bir kun davomida yopilishi e’lon qilindi.

Boshqa tomondan, HAMАSning yuqori martabali vakili Reuters agentligiga bergan bayonotida Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bir tomonlama bekor qilganini ta’kidladi. Islomiy guruh AQSh, Qatar va Misrni ushbu kelishuvning buzilishi uchun to‘liq mas’uliyatni Isroil zimmasiga yuklashga va BMT Xavfsizlik Kengashini Isroilni urushni to‘xtatishga majbur qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga chaqirdi.

HAMАS vakillari, shuningdek, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatining harbiy harakatlarni qayta boshlash haqidagi qarori HAMАS asirligida qolayotgan garovga olinganlarning "noma’lum taqdirga duchor bo‘lishiga" sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Isroil tomonidan qayta boshlangan hujumlar natijasida halok bo‘lganlar soni maqola chop etilgan vaqtda kamida 130 kishiga yetdi. Hudud bo‘ylab kamida 300 kishi jarohat olgan, qurbonlar orasida bir nechta bolalar borligi ham qayd etilgan.

Isroil nashri e’lon qilgan shifokorlar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Deir-al-Balah shahridagi turar-joy binolari, shuningdek, G‘azo, Xan-Yunis va Rafah shaharlaridagi binolar nishonga olingan.

Ma'lumot o'rnida, Isroil va HAMАS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi taxminan ikki oy oldin, 19-yanvarda kuchga kirgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing