Janubiy Afrika elchisi AQShda "persona non grata" deb e’lon qilindi

Dunyo

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning AQShdagi elchisi Ibrohim Rasulni "persona non grata" (nomaqbul shaxs) deb e’lon qildi.

Janubiy Afrika elchisi AQShda "persona non grata" deb e’lon qilindi
"Janubiy Afrika elchisini endi bizning buyuk mamlakatimizda kutib olishmaydi. Ibrohim Rasul irq masalasiga mukkasidan ketgan siyosatchi bo‘lib, u Amerikani ham, AQSh prezidentini ham yomon ko‘radi. Bizning u bilan gaplashadigan hech narsa yo‘q, shuning uchun u persona non grata hisoblanadi", – deb yozdi Rubio 14-mart kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

Rubio ushbu postiga Breitbart nashrining maqolasiga havola ham qo‘shgan. Maqolada aytilishicha, Ibrohim Rasul Yohannesburgdagi Mapungubve Strategik Tafakkur Instituti (MISTRA) tadbirida chiqish qilib, Donald Trampni "global oq ustunlik harakati" yetakchisi deb atagan.

Rasul MAGA (Make America Great Again) harakatining kuchayishini "faqat irqiy ustunlik instinkti emas, balki AQShda sodir bo‘layotgan demografik o‘zgarishlar" bilan bog‘laydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda AQSh saylovchilarining atigi 48 foizi oq tanli bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Donald Tramp 7-mart kuni AQSh Janubiy Afrikaga federal moliyaviy yordamni to‘liq to‘xtatishini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida 2024-yil oxirida JARda qabul qilingan qishloq xo‘jalik yerlari eksspropriatsiyasi to‘g‘risidagi qonun keltirildi.

Mazkur qonun hukumatga ba’zi hollarda fermerlardan yerlari uchun "nol kompensatsiya" bilan tortib olish huquqini beradi. Biroq JAR hukumati yer egalari roziligi talab qilinishini ta’kidlamoqda. Hozirda JARdagi haydaladigan yerlarning taxminan 75 foizi oq tanli ozchilik vakillariga tegishli.

Tramp bu masala bo‘yicha Truth Social platformasida quyidagi fikrlarni bildirdi:

"Janubiy Afrika uzoq yillardan beri yashab kelayotgan fermerlarga nisbatan dahshatli munosabatda bo‘lmoqda. Ularning yerlarini va xo‘jaliklarini tortib olishmoqda, hatto bundan ham yomoni ro‘y bermoqda. Hozir u yerda yashash imkonsiz bo‘lib qoldi, shuning uchun biz barcha federal moliyaviy yordamni to‘xtatamiz."

Bundan tashqari, Tramp Janubiy Afrikadan chiqib ketishni istagan fermerlarga AQSh fuqaroligini olish jarayoni yengillashtirilishini ham ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing