Japan Airlines kiberhujumga uchradi

Dunyo

Japan Airlines aviakompaniyasi kiberhujumga uchraganini va bu holat parvozlarning amalga oshirilishiga ta'sir ko'rsatishi mumkinligini ma'lum qildi.

Japan Airlines kiberhujumga uchradi
"Biz kiberhujumga uchraganimizni tasdiqlaymiz va hozirda vaziyatni o'rganmoqdamiz, dedi JAL vakili AFP agentligiga. Kechikishlar va reyslarning bekor qilinishi ehtimoli mavjud", deya qo'shimcha qildi JAL.

Uning so'zlariga ko'ra, hozircha batafsil ma'lumot berishning imkoni yo'q.

Kyodo agentligi ma'lumotlariga ko'ra, tizimdagi uzilishlar tufayli ichki yo'nalish bo'yicha to'qqizta reys va bir necha xalqaro reyslar kechiktirilgan.

JAL, shuningdek, vaqtincha chiptalar sotilishini to'xtatishni rejalashtirmoqda. Japan Airlines Yaponiyadagi ikkinchi yirik aviakompaniya bo'lib, u All Nippon Airways (ANA) dan keyin turadi.

Eslatib o'tamiz, kecha 25-dekabr kuni ertalab Qozog'iston hududida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining "Embraer E190AR" yo'lovchi samolyoti qulab, parchalanib ketgan edi. Baxtsiz hodisa sababli jami 38 kishi voqea joyida halok bo'lgan. Yo'lovchilar orasida og'ir jarohat olganlar ham bor, hozircha ularning ahvoli ma'lum emas. Ozarbayjan ushbu mudhish voqea sababli mamlakatda umumxalq miqiyosida motom e'lon qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing