Kadrlar o‘zgarishlari fonida Sergey Koretskiy Ukraina hukumatiga rahbar bo‘ldi

Dunyo

Ukrainada ijro hokimiyati tizimini keng ko‘lamda yangilash boshlandi. Oliy Rada davlatning «Naftogaz Ukraina» kompaniyasiga rahbarlik qilgan Sergey Koretskiyni Bosh vazir etib tasdiqladi. Mazkur tayinlov Prezident Vladimir Zelenskiy e’lon qilgan yangi siyosiy strategiyaning bir qismi bo‘ldi.

Kadrlar o‘zgarishlari fonida Sergey Koretskiy Ukraina hukumatiga rahbar bo‘ldi
Sergey Koretskiy nomzodini 289 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi. U bir yil faoliyat yuritgan Yuliya Sviridenko hukumatining iste’fosidan so‘ng hukumat rahbari lavozimini egalladi. Yaqin kunlarda parlament Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibini ham ko‘rib chiqadi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Koretskiyni, ayniqsa, qish mavsumiga tayyorgarlik nuqtayi nazaridan hukumatni boshqarishga eng munosib nomzod deb atadi. Uning fikricha, yangi Bosh vazirning energetika sohasidagi tajribasi strategik vazifalarni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Koretskiy tayinlovga qadar «Naftogaz Ukraina» boshqaruvi raisi, undan oldin esa «Ukrnafta» va «Ukrtatnafta» kompaniyalariga rahbarlik qilgan. Uning faoliyati davomida neft va gaz qazib olish hajmi oshirildi, moliyaviy ko‘rsatkichlar yaxshilandi hamda xalqaro moliyalashtirish jalb qilindi.

Yangi hukumat shakllantirilayotgan bir paytda Ukrainaning bir qator shaharlarida mudofaa vaziri Mixail Fedorovni lavozimda qoldirish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Fedorov esa Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan kelishmovchiliklar bo‘lganini tasdiqladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, hukumatdagi o‘zgarishlar mamlakatni qish mavsumiga tayyorlash, energetika boshqaruvini kuchaytirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadiga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing