Katta mojaro ortidan Gosaktivga yangi direktor tayinlandi

O'zbekiston

O‘zbekiston prezidenti Sohibjon Murodovni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinladi. Bu kadrlar qarori tizimda o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar va aniqlangan talon-tarojlar fonida qabul qilindi.

Katta mojaro ortidan Gosaktivga yangi direktor tayinlandi
Sohibjon G‘ofurjonovich Murodov bungacha agentlik huzuridagi Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markaziga rahbarlik qilgan. Avvalroq u Davlat raqobat qo‘mitasi ichki xavfsizlik inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Tayinlov yanvar oxirida prezident tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekneftgaz”da yirik qonunbuzarliklar aniqlangani haqida ma’lum qilingandan so‘ng amalga oshirildi. Davlat rahbarining aytishicha, bir holatda bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasi yopiq auksionda 120 mlrd so‘mga sotilgan.

Tekshiruvlardan keyin agentlikning avvalgi direktori Akmalxon Ortikov lavozimidan ozod etildi. Davlat xavfsizlik xizmati va komplaens xizmati tomonidan reviziya boshlandi, tergovga iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar jalb qilindi. Keyinchalik sobiq rahbarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing