Mahallalar davlat xizmatlari va taraqqiyot markazlariga aylanadi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash, mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Yangi chora-tadbirlar daromad manbalarini kengaytirish, raqamli xizmatlarni joriy etish hamda hududlarni obodonlashtirishni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Mahallalar davlat xizmatlari va taraqqiyot markazlariga aylanadi
Videoselektor yig‘ilishida mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilishi qayd etildi. Iyun oyidan boshlab yer va mol-mulk soliqlarining mahalla budjetida qoladigan ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirildi. Bundan tashqari, sanitariya qoidalari va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi ham mahalla budjetlariga yo‘naltiriladi.

Mahallalar maydoni 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh binolarni auksion orqali sotish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, mahalladagi noturar obyektlardan tushadigan yer va mol-mulk soliqlarining yana 5 foizi ham mahalla ixtiyorida qoladi. Natijada qo‘shimcha tushumlar yiliga 800 milliard so‘mdan oshishi kutilmoqda.

Prezident eng yaxshi natija ko‘rsatgan hududlarni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlari va soliq bazasini oshirishda yetakchi bo‘lgan 200 ta tuman har biri 2 milliard so‘mdan oladi.

Hududlarni obodonlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. E’lon qilingan “Mahallada farovonlik va ezgulik oyligi” doirasida barcha darajadagi rahbarlar ko‘kalamzorlashtirish, tozalik va infratuzilmani yaxshilash ishlarini muvofiqlashtiradi. Eng namunali hovli, ko‘cha, ko‘p qavatli uy va mahallalar uchun maxsus tanlovlar tashkil etilib, g‘oliblarga soliq imtiyozlari beriladi.

Davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida ular bosqichma-bosqich mahalla darajasiga o‘tkaziladi. Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi muvaffaqiyatli tajribalardan so‘ng axborot-servis markazlari va “aqlli mahalla” loyihalari boshqa hududlarda ham joriy etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing