Mahallalar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlik markaziga aylanadi

O'zbekiston

O‘zbekistonda mahallalar yangi rivojlanish modeliga o‘tmoqda. Unda manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlash, oila institutini mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda hech bir fuqaro e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.

Mahallalar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlik markaziga aylanadi
Yig‘ilishda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident fuqarolarni ijtimoiy reyestrga asossiz kiritmaslik yoki undan chiqarish holatlarini tanqid qildi. Qayd etilishicha, bir oy ichida 184 ta mahallada kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi rad etilgan. Natijada ehtiyojmand oilalar nafaqa olish, farzandlarini bog‘cha va to‘garaklarga joylashtirish hamda boshqa kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmagan. Shu munosabat bilan Bosh prokuraturaga reyestr yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga esa uning haqqoniyligi yuzasidan muntazam axborot berib borish topshirildi.

Yil oxirigacha mahallalarda nogironlikni erta aniqlash, uy-joylarni moslashtirish va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan 25 turdagi ijtimoiy xizmat joriy etiladi. Yaqin uch oy ichida 250 ta mahallada demensiya va intellektual nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari hamda «Madad» uylari tashkil etiladi. Yana 75 ta mahallada keksalar uchun «Faol hayot» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ota-ona qaramog‘isiz qolgan va zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun qo‘llab-quvvatlash markazlari ochiladi.

Yig‘ilishda jinoyatchilik profilaktikasi tizimi ijobiy natija berayotgani ham qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bunga videokuzatuv tizimlari, xavfsiz infratuzilma, oilalarga psixologik yordam va profilaktik ishlar sabab bo‘ldi.

Namunali mahallalar tajribasi asosida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha yagona metodika ishlab chiqiladi. Namangan viloyatida sinovdan o‘tgan, bodi-kameralar va raqamli xizmatlardan foydalanishga asoslangan tizim yil oxirigacha to‘liq joriy etilib, yana 448 ta kriminogen mahallaga tatbiq qilinadi.

Yig‘ilish yakunida Prezident mahallalar rivoji fuqarolar farovonligini oshirish, oilalarni mustahkamlash va islohotlarni jadallashtirishning muhim omili ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, odamlarning kundalik muammolari aynan mahallada samarali hal etilishi, o‘zaro ishonch, hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishi lozim. Mas’ul rahbarlarga barcha topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing