Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foizda o'zgarishsiz saqlab qoldi

Iqtisodiyot

Bugun, 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu qaror inflyatsion kutilmalar va iqtisodiy holatning barqarorligini saqlashga qaratilgan.

Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foizda o'zgarishsiz saqlab qoldi
Markaziy bank matbuot xizmatiga ko‘ra, so‘nggi oylarda umumiy inflyatsiya pasayish tendensiyasiga ega bo‘lsa-da, inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2024-yilning dekabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi yillik hisobda 9,8 foizni tashkil etdi va iste‘mol savatidagi tovar hamda xizmatlarning 75 foizida narxlar o‘sishi sekinlashdi.

Biroq bazaviy inflyatsiya biroz oshib, dekabr oyida 7,2 foizga yetdi. Xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlari bazaviy inflyatsiyaga asosiy bosim ko‘rsatmoqda. Bu omillar yalpi talabning o‘sishi va taklifdagi qisqa muddatli cheklovlar bilan bog‘liq.

2023-2024 yillarda iqtisodiyotda iste‘mol va investitsion faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi aholi daromadlarini oshirdi, bu esa yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Shu bilan birga, 2025-yil davomida yalpi ichki mahsulotning 6 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi kutilayotganligi inflyatsiyani oshiruvchi omil sifatida qayd etildi. Biroq, O‘zbekistonda narxlar barqarorligini ta‘minlashga qaratilgan qat‘iy pul-kredit siyosati bu xatarlarni cheklashga qaratilgan.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga yetkazish maqsadida qat‘iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu jarayonda:

Kreditlash hajmining mo‘tadil o‘sishi;

Depozitlar hajmining yuqori o‘sish sur‘atlari;

Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalarining aholining jamg‘arishga moyilligini oshirishi asosiy omillar sifatida ko‘rib chiqiladi.

Kelgusida inflyatsion kutilmalar pasayib borishi kutilmoqda, ammo agar inflyatsiyani oshiruvchi yangi omillar yuzaga kelsa, Markaziy bank pul-kredit siyosati qat‘iyligini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing