Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan turizm mintaqasiga aylandi

O'zbekiston

Markaziy Osiyo 2025-yilda turizm o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi, O‘zbekiston esa mintaqaning turistik eksportining qariyb yarmini ta’minladi. Bu haqdagi ma’lumotlar Butunjahon Sayohat va Turizm Kengashi (WTTC) hamda Oxford Economics tomonidan tayyorlangan iyun oyidagi hisobotda keltirilgan.

Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan turizm mintaqasiga aylandi
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida turizmning YAIMga umumiy hissasi real hisobda 17,7% ga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasi esa 19,6% ga oshdi. Turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) 9,9 milliard dollarga yetib, 26,4% o‘sdi. Ushbu uchala ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqa dunyoning 28 mintaqasi orasida yetakchi bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo turistik eksportining qariyb 50% ini ta’minladi va mintaqa aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishiga aylandi. Barcha sayohatlarning 25%i O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (23%), Qirg‘iziston (18%), Rossiya (16%) va Turkiya (6%) joy oldi.

WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda turizm xarajatlarining 64,3%i xorijiy sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgan, ichki turizm ulushi esa 35,7%ni tashkil etgan. Xorijiy mehmonlar xarajatlarining 84,5%i dam olish, 15,5%i esa xizmat safarlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

WTTC prognoziga ko‘ra, 2036-yilga borib Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga turizmning umumiy hissasi 29,7 milliard dollarga yetadi. Tadqiqot Oxford Economics bilan hamkorlikda BMT Statistika bo‘limi tasdiqlagan Tourism Satellite Account (TSA: RMF 2008) metodologiyasi asosida tayyorlangan bo‘lib, 184 ta iqtisodiyot va 28 ta mintaqani qamrab oladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing