Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo'lib o'tdi. Unda agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o'rniga, qo'zg'atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo'lib qolgani qayd etildi.

Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko'p bo'lgan tuman sog'liqni saqlash, bandlik bo'limi yoki bank filialiga borib, holatni o'rganmagani, yangi zamonaviy tizim bo'yicha taklif bermagani ko'rsatib o'tildi. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o'z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.

Prezident topshirig'i bilan investisiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o'tgan yilni o'zida 3 trillion so'm iqtisod bo'ldi. Yoki sog'liqni saqlash tizimida “Situasion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion so'mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.

“Lekin, nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”,  - deya savol qo'ydi davlat rahbari.

Parlamentdagi byudjet qo'mitalarida ham har yili byudjetdan eng ko'p mablag' oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o'zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o'rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo'yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.

Vazirliklarning hududiy komplaens xodimlarini bevosita vazirni o'zi ishga qo'yishi, o'ziga siyosiy mas'uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing