Mirziyoyev Rossiyada halok bo‘lgan 7 o‘zbekistonlikning jasadini vatanga olib kelishni buyurdi

O'zbekiston

11-yanvar kuni Rossiyaning Penza viloyatida sodir bo‘lgag YTHda 9 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan 7 nafari voqea joyida halok bo‘lgan, 2 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan va tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Mirziyoyev Rossiyada halok bo‘lgan 7 o‘zbekistonlikning jasadini vatanga olib kelishni buyurdi
Bugun, 11-yanvar kuni Rossiyaning Penza viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 7 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. Ushbu holat haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yetkazilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezident topshirig‘iga binoan Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida vafot etgan va jabrlangan fuqarolarni vatanga olib kelish yuzasidan kerakli barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Marhum fuqarolarni olib kelish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi navbatchilik qismidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 11-yanvar kuni (Moskva vaqti bilan) soat 02:20 larda Rossiya Federatsiyasi, Penza viloyati, Nijnelomov rayoni M-5 avtomobil yo‘lining 503 kilometrida harakatlangan “JAC” rusumli “Miniven” avtomobili va “Volvo” rusumli yuk avtomobili to‘qnashishi oqibatida “JAC” rusumli “Miniven” avtomobili ichida bo‘lgan jami 9 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan 7 nafari voqea joyida halok bo‘lgan, 2 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan va tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

“Rossiya Federatsiyasi mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishmoqda”, deyiladi FVV xabarida.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing