Muzokaralardan amaliyotga: O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Italiyada ishlash imkoniga ega bo‘ladi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Italiyaning Toskana mintaqasi oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirish bosqichiga o‘tdi. Sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi yangi qo‘shma loyihalar o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislari uchun Italiyada kasbiy tayyorgarlik, malaka oshirish va professional faoliyat yuritish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Muzokaralardan amaliyotga: O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Italiyada ishlash imkoniga ega bo‘ladi
Hamkorlik istiqbollari Toskana gubernatori Eudjenio Jiani hamda O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Muzokaralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14-iyul kuni Toskana gubernatori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bergan topshiriqlarini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.

Eudjenio Jiani xalqaro hamkorlik davlatlar taraqqiyotining muhim omili ekanini ta'kidlab, quyidagilarni qayd etdi:

«Tarix shuni ko‘rsatadiki, xalqlar o‘zaro hamkorlik qilib, eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirganida taraqqiyotga erishadi.»

Muzokaralarning asosiy mavzusi Toskana sog‘liqni saqlash muassasalarida o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar uchun munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida faoliyat yuritish sharoitlarini yaratish bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar Italiyada ishlashni rejalashtirayotgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi. Dastur italyan tilini o‘rganish hamda Italiya sog‘liqni saqlash tizimi talablari va standartlariga muvofiq kasbiy tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi 1343-yilda tashkil etilgan va Yevropaning eng qadimiy universitetlaridan biri bo‘lgan Piza universitetiga tashrif buyurib, uning rektori Rikardo Tsukki bilan uchrashdi. Delegatsiya, shuningdek, universitetning qurilish jarayonidagi yangi klinik majmuasi bilan tanishdi. Mazkur majmua kelgusida o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislari faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan muhim maskanlardan biriga aylanishi mumkin.

Tashrif yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, tajriba almashish hamda sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqladi. Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Toskana o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarning Italiyada kasbiy faoliyat yuritishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing