Narbaeva UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori bilan uchrashdi

Siyosat

Ular uchrashuvda Oʻzbekiston va UNICEF hamkorligining markaziy yoʻnalishlari va konstruktiv aloqalarni yanada mustahkamlash borasida suhbatlashdi.

Narbaeva UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori bilan uchrashdi
Bugun, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi. Ular uchrashuvda Oʻzbekiston va UNICEF hamkorligining markaziy yoʻnalishlari va konstruktiv aloqalarni yanada mustahkamlash borasida suhbatlashdi. Bu haqda Senat Raisi oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qildi.

“Jumladan, perinatal va bolalar salomatligi, farzandlarimiz oʻsishi hamda rivojlanishi uchun zarur boʻlgan oziqlanish standartlari, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligi, shu bilan birga ularni ijtimoiy himoya qilish mexanizmi taʼsirchanligi borasida amaliy hamkorlikni aniq loyihalar orqali kuchaytirishga kelishdik”, deydi u.

Qolaversa, parlament monitoringini talab etadigan yana bir muhim yoʻnalish – respublikada UNICEF tomonidan oʻtkazilayotgan multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS) qamrovini kengaytirish va bu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligi ham taʼkidlangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing