Neft-gaz bozori barqarorligini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uglevodorod resurslarini uzluksiz yetkazib berish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Neft-gaz bozori barqarorligini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi
Mamlakatimizda sanoat quvvatlari kengayib, aholi ehtiyojlari ortib borayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlariga talabni oshirmoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni zarur resurslar bilan barqaror taʼminlash, mavsumiy ehtiyojlarni oldindan hisobga olish va narxlarning asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik muhim ahamiyatga ega.

Taqdimotda neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda isteʼmolchilarga yetkazib berish holati koʻrib chiqildi. Tarmoqlar va hududlar ehtiyojini aniq hisob-kitob qilish, ichki talabni ustuvor taʼminlash va yetkazib berish grafiklariga qatʼiy rioya etish zarurligi ta’kidlandi.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tabiiy gaz qazib chiqarish surʼatlarini barqaror saqlash, mavjud konlar imkoniyatidan samarali foydalanish va yangi quduqlarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar hisobiga qoʻshimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Quduqlarni burgʻilashdan tortib, ularni gaz uzatish tarmogʻiga ulashgacha boʻlgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish, elektr taʼminoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan bir maromda taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki bozorda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uglevodorod resurslarini hududlarga oʻz vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini oʻzaro muvofiqlashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni taʼminlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi taʼkidlandi. Resurslarni asossiz ushlab turish, sunʼiy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan nazorat oʻrnatish topshirildi.

Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari taʼminotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna oʻrniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, taʼminot bilan bogʻliq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni oʻz vaqtida koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing