Nijnekamskdagi dron hujumi: Minnixanov jabrlanganlarni ziyorat qildi, O‘zbekiston maxsus guruh yubordi

Dunyo

Tatariston rahbari Rustam Minnixanov Nijnekamsk markaziy tuman shifoxonasiga borib, dronlar hujumi oqibatida jabrlanganlar holidan xabar oldi. O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida shaharda quruvchi bo‘lib ishlagan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi bor.

Nijnekamskdagi dron hujumi: Minnixanov jabrlanganlarni ziyorat qildi, O‘zbekiston maxsus guruh yubordi
Minnixanov bemorlar bilan suhbatlashib, ularga tezroq sog‘ayib ketishlarini tiladi. Shifokorlar jabrlanganlarning holati haqida hudud rahbariga axborot berdi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning aksariyatida oyoq-qo‘llarda kichik parcha jarohatlari aniqlangan. Barcha jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va yaralarga dastlabki jarrohlik ishlovi berilgan.

Tatariston rahbari O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga o‘z fuqarolarining halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha O‘zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizilgan. Tojikiston fuqarosining halok bo‘lgani ham tasdiqlangan.

O‘zbekiston fuqarolarining halok bo‘lishi ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzildi va Rossiyaga maxsus ishchi guruh yuborildi. Uning tarkibiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan. Guruh jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelishni tashkil etish bilan shug‘ullanmoqda.

O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida jami 78 kishi jarohatlangan, ulardan 25 nafari shifoxonalarda qolmoqda. Shu bilan birga, Rossiya manbalarida Nijnekamskdagi qurbonlar soni bundan yuqori ekani haqida ma’lumotlar keltirilgan, shu sababli yakuniy ko‘rsatkichlar aniqlashtirilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing