O‘zbek alifbosida o‘zgarishlar kutilmoqda: qonun loyihasi Senatga yuborildi

O'zbekiston

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi yangi tahrirda qabul qilinishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tegishli qonun loyihasini birdaniga uch o‘qishda qabul qilib, Senatga ko‘rib chiqish uchun yubordi.

O‘zbek alifbosida o‘zgarishlar kutilmoqda: qonun loyihasi Senatga yuborildi
Loyihaga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga alifbo 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi. Hujjat ayrim harflardan foydalanish qoidalariga ham aniqlik kiritadi.

Islohot zarurati davlat tilini rivojlantirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistonda va xorijda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning ortishi bilan izohlanmoqda. Qonun loyihasini tayyorlashda alifbo va imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalari hisobga olingan.

Deputatlar yangi me’yorlarni bosqichma-bosqich joriy etishni taklif qildi. Avval berilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Belgilangan muddatgacha amaldagi davlat ramzlari, peshlavhalar va ko‘rsatkichlardan foydalanishga ham ruxsat beriladi.

Bunday yondashuv hujjatlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etib, davlat budjetiga qo‘shimcha xarajatlarni kamaytiradi.

Islohot o‘zbek tilini raqamlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda. Senat ma’qullaganidan so‘ng qonun Prezident imzosiga yuboriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing