O‘zbek startapi €1,3 million investitsiya jalb qildi

Biznes

Chakana savdo uchun aqlli kameralar ishlab chiqaruvchi TASS Vision startapi €1,3 million hajmidagi investitsiya raundini muvaffaqiyatli yopdi va keng ko‘lamli ekspansiyaga tayyorlanmoqda. Bu loyihani qo‘llab-quvvatlagan chexiyalik Purple Ventures fondi Markaziy Yevropadan O‘zbekistonga investitsiya kiritgan birinchi fond bo‘ldi.

O‘zbek startapi €1,3 million investitsiya jalb qildi
TASS Vision — bu Shaxzod Umirzaqov va Jamshidjon Hakimjonov tomonidan asos solingan O‘zbekistonlik texnologik startapdir. Kompaniya sun’iy intellektli kameralar ishlab chiqadi — ular do‘konlardagi xaridorlar harakatini, mahsulotlar joylashuvi va reklama samaradorligini tahlil qiladi. Eng muhim jihati — ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmada qayta ishlanadi, bulutga yuborilmaydi, bu esa mijozlar maxfiyligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda TASS Vision texnologiyasi 10 ta mamlakatdagi 2000 dan ortiq do‘konlarda qo‘llanilmoqda. Mijozlar orasida moda, elektronika, FMCG va farmatsevtika sohalaridagi 100 dan ortiq brendlar mavjud. So‘nggi ikki yilda kompaniya yiliga 500% o‘sishni namoyish etib, O‘zbekiston, Koreya va Xitoyda ilmiy-tadqiqot markazlarini ochdi.

Investitsiya raundi hajmi €1,3 millionni tashkil etdi. Shundan €500 ming Purple Ventures tomonidan kiritildi. Qolgan mablag‘lar Domino VC, Pragma Tech VC, Sabah Fund, Caucasus VC, Big Sky Capital, IT Park VC, shuningdek 2023-yildan buyon jamoani qo‘llab kelayotgan Baxrom Abduqodirov va Axror Abdukarimov kabi xususiy investorlar tomonidan taqdim etildi.

Jalb qilingan investitsiyalar 20 baravar tezroq va o‘rnatilishi osonroq bo‘lgan yangi avlod kameralarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, TASS Vision Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Yevrosiyo bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing