O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurdi

Iqtisodiyot

Joriy yilning 3–4-iyun kunlari Belarus Respublikasi Minsk va Nesvij shaharlarida Yevroosiyo hukumatlararo kengashi, “Belagro – 2024” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi O’zR Bosh vazirining matbuot kotibi.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurdi
Ma’lum qilinishicha, 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi ushbu tadbirlarda kuzatuvchi maqomida ishtirok etish uchun Minsk shahriga tashrif buyurdi.

Dastlab, Minsk shahridagi “Ulug‘ tosh” Xitoy-Belarus sanoat parkida “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining oziq-ovqat xavfsizligi” yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi, Belarus, Qozog‘iston Respublikalari Bosh vazirlari, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi, Armaniston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari ishtirok etdi hamda Ozarbayjon Bosh vaziri faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

Tadbirda bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi har bir davlat uchun nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotgani, muayyan obyektiv omillar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirida uzilishlar kuzatilib, narxlarning oshishiga olib kelayotgani, global iqlim o‘zgarishi, yer va suv resurslarining qisqarishi, kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlardan me’yordan ortiq foydalanish natijasida ekin maydonlarining sifati qaytarib bo‘lmaydigan darajada yomonlashayotgani ta’kidlandi.

Mintaqa aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini barqaror ta’minlash, turli chaqiriq va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun zarur sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomoni bugungi kunda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish, yetkazib berish, “yashil” koridorlarni rivojlantirish, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarusga tashrifi doirasida “Belagro – 2024” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, “Shon-sharaf tepaligi” yodgorlik majmuasiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing