O'zbekiston Milliy universiteti Shvetsiya bilan akademik aloqalarni yo'lga qo'ymoqda

O'zbekiston

O'zbekiston Milliy universitet (O'zMU) rektori Inom Madjidov boshchiligidagi delegatsiyasi amaliy safar bilan Shvetsiyaga bordi. Bu haqida "Dunyo" AA xabar bermoqda.

O'zbekiston Milliy universiteti Shvetsiya bilan akademik aloqalarni yo'lga qo'ymoqda
O'zbekiston va Shvetsiya oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o'tkazildi. Jumladan, Yevropada eng nufuzli texnika universitetlaridan biri - Shvetsiya Qirollik texnologiya instituti vakillari bilan kimyo, biologiya, texnika, fizika, arxitektura, IT, elektronika va boshqa yo'nalishlarda qo'shma ta'lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Sohaning yana bir yetakchi tashkiloti – Tadqiqotlar va oliy ta'lim bo'yicha Shvetsiya xalqaro hamkorlik jamg'armasi mutasaddilari bilan kechgan muloqotda ta'lim va tadqiqotlar sohasida O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun istiqbolli bo'lgan yo'nalishlarda qo'shma loyihalarini amalga oshirish to'g'risida fikr almashildi.

Shuningdek, O'zMU rektori Inom Madjidov Shvetsiya Orol dengizi jamiyati prezidenti Bo Libert bilan muzokara o'tkazdi.

Unda o'zbekistonlik talabalarni barqaror rivojlanish fani bo'yicha o'qitish va Orolbo'yi hududida amalga oshiriladigan qo'shma tadqiqot ishlari uchun grantlar jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

"Shvetsiya va umuman Skandinaviya davlatlari bilan oliy ta'lim sohasida akademik hamkorlik biz uchun yangi yo'nalish, desam ham bo'ladi. Ayniqsa, muhandislik, energiya tejamkorligi, zamonaviy arxitektura, barqaror rivojlanish, ijtimoiy inklyuzivlik kabi fan yo'nalishlari biz uchun yangi istiqbollarni ochib beradi", deydi O'zMU xalqaro masalalar bo'yicha prorektori Raima Shirinova.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing