O‘zbekiston Ozarbayjon bilan kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor

Iqtisodiyot

Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktorining maʼlum qilishicha, hozirgi paytda O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini qurish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.

O‘zbekiston Ozarbayjon bilan kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor
O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z kemalariga ega bo‘lishdan manfaatdor. Bu haqda mamlakat Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Dunyo” agentligi.

Qayd etilishicha, Bekzod Xolmatov Kaspiy dengizida o‘z kemalarining mavjudligi Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish hajmining oshishiga xizmat qilishini taʼkidlagan.

“O‘zbekiston ham Ozarbayjon bilan birgalikda kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor. Toshkent bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor”, degan u.

Xolmatovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini qurish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.

O‘zbekiston dunyoda “ikki karra qulflangan” (double locked countries) toifasiga kiruvchi ikki davlatdan biridir. Bu shuni anglatadiki, okeanlarga chiqish uchun kamida ikkita davlat chegarasini kesib o‘tish kerak.
Shu bilan birga, transport vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston importchilari Boku porti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini va mineral o‘g‘itlar terminalini uzoq muddatga ijaraga olishni yoki uni yaratishga sarmoya kiritishni maqsad qilganini aytgan. Hozir bu masala o‘rganilmoqda, texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda O‘zbekistondan Boku porti orqali eksport-import yuk tashish hajmi 904 ming tonnani tashkil etdi, bu 2021-yilga nisbatan 65 foizga ko‘pdir. Oziq-ovqat yuklarini, jumladan, shakar xomashyosi, mineral o‘g‘itlar va konteynerlarni tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing