O'zbekiston Prezidenti: Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo'shishi kerak

O'zbekiston

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan "Yashil makon" umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko'chatlari ekish an'anasi bo'lib o'tadi. Prezidentimizning o'zi bunda doimo o'rnak.

O'zbekiston Prezidenti: Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo'shishi kerak
Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida ko'chatlar ekkan edi. Bu yil poytaxtimizning Bektemir tumanida, Toshkent halqa yo'li bo'yida yashil hududga asos solindi. Buning uchun 100 gektar yer ajratilgan bo'lib, ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta ko'chatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sun'iy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi.

"Yashil makon" loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida "yashil belbog'" yaratish maqsadi belgilangan. Halqa yo'li bo'yidagi bu hudud Toshkent "yashil belbog'"ining bir qismi bo'ladi.

Yana bir e'tiborli tomoni, bu yerda tabiiy o'rmon shakli hosil qilinishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari va chet ellik diplomatlar bilan suhbatlashdi, ushbu xayrli tashabbusga hissa qo'shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

- Bu an'ana o'zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni "ona" deydi, yerni, suvni e'zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta'sirida yaqqol namoyon bo'layapti. Shuning uchun "Yashil makon" loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag'ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo'shishi kerak, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirni videoaloqa orqali Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar jamoatchiligi ham kuzatdi. U yerlarda ham ko'chatlar ekildi. Ushbu kuzgi mavsumda "Yashil makon" loyihasi doirasida 80 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish belgilangan.

Bahorda 138 million dona ko'chat ekilgan edi. Vazirlik va hokimliklar 257 ta bog' barpo qilgan. Yirik sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofiga ham daraxtlar ekilib, "yashil belbog'"lar tashkil qilinmoqda.

Umuman, oxirgi 3 yilda mamlakatimiz bo'yicha jami 646 million tup ko'chat va butalar ekilgan. Orolbo'yida yashil qoplama 2 million gektardan oshgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing