O‘zbekiston Prezidenti Tanzila Norboyevani «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. Mukofot unga davlat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati, parlamentarizmni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishdagi xizmatlari uchun berildi.

O‘zbekiston Prezidenti Tanzila Norboyevani «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi
Prezident farmonida Tanzila Norboyevaning tashabbuskor rahbar va samarali tashkilotchi sifatidagi faoliyati alohida e’tirof etilgan. Hujjatda uning boy tajribasi, bilim va vatanparvarligi davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini mustahkamlash, inson qadrini yuksaltirish hamda jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini oshirishga xizmat qilgani qayd etiladi.

Farmonda, shuningdek, uning yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki ham alohida ta’kidlangan.

Tanzila Norboyeva 2019-yil iyun oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing