O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi muzokara o‘tkazdi

O'zbekiston

2025 yil 26 avgust kuni Samarqand Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi muzokara o‘tkazdi
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda yangi bosqich ochishini ta’kidladi.

Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar davomida Hukumatlararo komissiya va Biznes kengashini tashkil etish, shuningdek, yil oxirigacha O‘zbekiston-Iordaniya biznes forumini o‘tkazish rejalashtirildi.

Madaniy va ta’limiy almashinuvlar ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi — qo‘shma madaniyat haftaliklari, ko‘rgazmalar, konsertlar, shuningdek, umumiy ma’naviy merosni o‘rganish va islomshunoslik institutlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish belgilandi.

Prezident Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn tomonidan ilgari surilgan “Aqaba jarayoni” tashabbusini yuqori baholab, uning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.

Amaliy qarorlar orasida ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va vizasiz tartibni joriy etish ham bor.

Muzokaralar samimiy va ochiq ruhda o‘tdi. Yakunda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Prezident Mirziyoyevni Iordaniyaga tashrif buyurishga taklif etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing