O‘zbekiston rahbari Farg‘onada yangi sanoat va energetika loyihalariga start berdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 11-iyul kuni Farg‘ona viloyatida yirik sanoat va energetika obyektlari faoliyatiga va qurilishiga start berdi.

O‘zbekiston rahbari Farg‘onada yangi sanoat va energetika loyihalariga start berdi
Kuni kecha qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri bo‘ylab 210 gektarga kengaytiriladi. Unda qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyiha joylashtirilib, 12 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda “O‘zbekiston – Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Marosimdagi yana to‘rtta loyiha energetika sohasida. Ular – Beshariq tumanida quyosh elektr stansiyasi, O‘zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi, Farg‘ona tumanida kichik gidroelektr stansiyalari.

Farg‘onaning Beshariq tumanida Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. 350 million dollarlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning o‘zida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda to‘liq ishga tushiriladi.

O‘zbekiston tumanida 144 million dollar xorijiy investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ushbu majmua shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini ta’minlaydi.

Ushbu zamonaviy stansiyalar energetika xavfsizligini ta’minlashga, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga, ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Sohadagi yana bir yo‘nalish – suv resurslaridan samarali foydalanish. So‘nggi yetti yilda 630 million dollar investitsiya hisobiga 400 megavattdan ortiq yangi quvvatlar barpo etilib, gidroelektr stansiyalar quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.

Izlanishlar davom ettirilib, yurtimizda 56 megavatt quvvatli 200 ta kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati aniqlandi. Bu borada alohida dastur qabul qilindi. Uning doirasida Farg‘ona tumanining cheka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi, Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, bitgan korxonalar faoliyatini va yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing