O‘zbekiston toshqinlardan jabr ko‘rgan Qozog‘iston aholisiga insonparvarlik yordamini jo‘natdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig’iga binoan, Qozog‘iston Respublikasida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida zarar ko‘rgan aholiga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripovning matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston toshqinlardan jabr ko‘rgan Qozog‘iston aholisiga insonparvarlik yordamini jo‘natdi
Ma’lum qilinishicha, insonparvarlik yordami yukini shakllantirish hamda belgilangan manzilga yetkazib berish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Insonparvarlik yordami yukini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T. Xudaybergenov boshchiligidagi ishchi guruh Qozog‘iston Respublikasiga yetkazib beradi.

15 ta katta yuk hajmli avtoulovlardagi insonparvarlik yordamida oziq-ovqat mahsulotlari, ayollar, bolalar va erkaklar ust-bosh kiyim-kechaklari, ko‘rpacha, yoping‘ich, yostiqlar, gigienik vositalar, maxsus qurilmali chodirlar, rezina qayiq to‘plamlari va boshqa zarur mahsulotlar o‘rin olgan.

Qozog‘istonda yirik suv toshqini oqibatida 60 dan ortiq aholi punkti tashqi dunyodan ajralib qoldi, 96 mingdan ortiq aholi tabiiy ofat zonalaridan evakuatsiya qilindi. Mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev buni Qozog‘istonda so‘nggi 80 yildagi eng katta ofat deb atadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing