O'zbekiston va O'mon TIV rahbarlari Maskat shahrida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

Siyosat

Vazirlar diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to'g'risidagi shartnomani imzoladilar.

O'zbekiston va O'mon TIV rahbarlari Maskat shahrida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar
2024-yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O'mon poytaxti Maskat shahrida O‘mon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

"Hamkasbim O‘mon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy janoblari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdik. O‘zbekiston va O‘mon boy tarixiy va madaniy meros bilan bog‘langan, farovon taraqqiyot yo‘lida mushtarak qarashlarga ega. O'zbekiston va O'mon tashqi ishlar vazirliklari kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorligimizni yanada boyitish yo‘lida ustuvor yo‘nalishlarni, jumladan, savdo va iqtisodiyot, "yashil" energetika, o‘zaro bog‘liqlik, kadrlar salohiyatini oshirish, xalq diplomatiyasini ilgari surish masalalari hamda mintaqaviy va global kun tartibini muhokama qildik. Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi shartnomani ham imzoladik",― deb yozdi Baxtiyor Saidov o'zining Telegram-kanalida.

Eslatib o'tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 15-aprel kuni mamlamkatimizga kelgan O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi. Bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing