O‘zbekiston va Xitoy cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston va Xitoy ekologiya hamda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Markaziy Osiyo Ekologiya va atrof-muhitni tadqiq etish markazida Xitoyning cho‘llanishning oldini olish va degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash borasidagi tajribasiga bag‘ishlangan taqdimot-ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Xitoy cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
"Ichki Mo‘g‘ulistonda ekologik himoya to‘sig‘ini yaratishning ilg‘or tajribasi" mavzusidagi tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi hamda Xitoyning O‘rmon va dasht xo‘jaligi boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayoni partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shi Guanghui, shuningdek, tegishli idoralar, ilmiy muassasalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar cho‘llanishning oldini olish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, o‘rmonzorlar maydonini kengaytirish hamda o‘rmon va yaylov xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Tadbirning asosiy qismi Ichki Mo‘g‘ulistonda ekologik himoya to‘sig‘ini yaratish davlat dasturi natijalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘ldi. Shuningdek, "Yashil Ipak yo‘li: sahrodagi yangi hayot" hujjatli filmi namoyish etildi. Film Xitoyning "Uch shimoliy himoya o‘rmonlari" loyihasiga bag‘ishlangan.

Tadbir yakunida M-Grass Ecology And Environment Group Co., Ltd. hamda Green University o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Hujjat urug‘ va ko‘chat yetishtirish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurash va zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi hamda avval erishilgan O‘zbekiston–Xitoy kelishuvlarini to‘ldiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing