O‘zbekiston Venetsiyadagi Homo Faber 2026 ko‘rgazmasida zamonaviy hunarmandchiligini namoyish etadi

Dunyo

O‘zbekiston Venetsiyada 1–30-sentabr kunlari San-Jorjo-Majore orolida o‘tkaziladigan Homo Faber 2026: An Island of Light zamonaviy badiiy hunarmandchilik xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Ko‘rgazmada 70 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod usta yaratgan 700 dan ortiq asar namoyish etiladi.

O‘zbekiston Venetsiyadagi Homo Faber 2026 ko‘rgazmasida zamonaviy hunarmandchiligini namoyish etadi
O‘zbekistonning ishtirokini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Michelangelo Foundation bilan hamkorlikda tashkil etmoqda. Milliy dasturda uch nafar usta — kulol Sanjar Kubayev, kulol Alisher Nazirov va temirchi Shavkiddin Kamolovning ishlari namoyish etiladi. Ekspozitsiyaga ikkita yirik hajmdagi Moonjars keramika kompozitsiyasi hamda Buxoro temirchilik an’analariga asoslangan, qo‘lda tayyorlangan beshta badiiy qaychi kiritilgan.


Ta’lim dasturi doirasida kashtachi Madina Kasimbaeva ham ishtirok etadi. U so‘zana san’ati bo‘yicha ochiq namoyishlar o‘tkazib, tashrif buyuruvchilarni an’anaviy kashtachilik usullari va ushbu hunarga oid madaniy amaliyotlar bilan tanishtiradi.

O‘zbekistonning Michelangelo Foundation bilan hamkorligi 2022-yildan beri davom etmoqda. 2023-yilda Buxoroda Homo Faber Guide doirasida Uzbek Chapter ishga tushirilgan. Bugungi kunda gidda O‘zbekistondan 15 nafar usta taqdim etilgan.


Young Ambassadors dasturida O‘zbekiston nomidan Diyоrbek Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva qatnashadi. Ular ko‘rgazmada mediator sifatida faoliyat yuritib, san’at, hunarmandchilik va madaniy almashinuvga bag‘ishlangan bir yarim oylik dasturda ishtirok etadi.

Homo Faber 2026 ko‘rgazmasidagi ishtirok O‘zbekiston hunarmandchiligining xalqaro miqyosdagi targ‘ibotini davom ettirib, mamlakatning an’anaviy hunarlarini zamonaviy talqinda xalqaro auditoriyaga taqdim etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing